“Toshkent metropoliteni” DUK bosh muhandisi hamda boshqa mas’ul xodimlar ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Xizmat safari doirasida bosh muhandis Xitoyning Dalian shahrida joylashgan CRRC Dalian Co., Ltd. korxonasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–191-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent metropolitenining istiqboldagi rivojlanishiga xizmat qiladigan mazkur yirik ishlab chiqarish majmuasida metro harakat tarkiblarini ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar hamda korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, yangi metro harakat tarkiblari va vagonlari ishlab chiqariladigan, platforma himoya eshiklari (PSD) tayyorlanadigan ishlab chiqarish zavodlarini ham koʻzdan kechirish rejalashtirilgan. Tashrif davomida mazkur zamonaviy texnologiyalarni kelgusida Toshkent metropolitenida joriy etish, yo‘lovchilarga yanada qulay, xavfsiz va ishonchli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Xizmat safarining navbatdagi kunida esa CRRC Dalian Co., Ltd. kompaniyasi rahbariyati va mutaxassislari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuv yakunida istiqboldagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ayni paytda xizmat safari davom etmoqda. Uning doirasida qator rasmiy uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tashrif yakunlari Toshkent metropolitenini yanada rivojlantirish, sohada ilg‘or va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildiramiz.
