“Toshkent metropoliteni” AJ delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasidagi xizmat safari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-191-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, metro sohasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish maqsadida “Toshkent metropoliteni” AJ delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarini amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-191-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, metro sohasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish maqsadida “Toshkent metropoliteni” AJ delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarini amalga oshirmoqda. Safar davomida Xitoyning metro infratuzilmasi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi yetakchi ishlab chiqaruvchi korxonalari, ilmiy-tadqiqot va loyihalash institutlari bilan uchrashuvlar hamda texnik muzokaralar o‘tkazilmoqda. Muzokaralarda zamonaviy texnologiyalar, uskunalarning texnik imkoniyatlari, ulardan foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlari, shuningdek, ilg‘or yechimlarni Toshkent metropoliteni sharoitiga moslashtirish masalalari muhokama qilinmoqda. PSD platforma to‘siqli eshiklari — ularning ishlash prinsipi, boshqaruv tizimi, texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlari hamda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zamonaviy yechimlar o‘rganildi. Lift va eskalatorlar — zamonaviy uskunalarning texnik xususiyatlari, energiya samaradorligi, xavfsizlik talablari hamda yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan yechimlar ko‘rib chiqildi. AGM drezinalari — metro tunnellari va boshqa texnik hududlarda ta’mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshirishga mo‘ljallangan maxsus texnikaning imkoniyatlari, konstruktiv xususiyatlari va ekspluatatsiya tajribasi o‘rganildi. Shanghai Metro Loyiha Instituti — metro infratuzilmasini loyihalashtirish, muhandislik yechimlarini ishlab chiqish, zamonaviy metro tizimlarini rivojlantirish hamda ilmiy-texnik salohiyatni oshirish yo‘nalishlarida tajriba almashildi. Metro ventilyatsiya tizimlari — tunnel va stansiyalarda samarali havo almashinuvini ta’minlash, mikroiqlimni boshqarish hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy texnik yechimlar bilan yaqindan tanishildi. Safarning muhim yo‘nalishlaridan biri Shanxay metropoliteni faoliyatini o‘rganish bo‘ldi. Dunyoning eng yirik metro tizimlaridan biri hisoblangan Shanxay metropoliteniga tashrif davomida uning infratuzilmasi, yo‘lovchi oqimini boshqarish tizimi, harakatni tashkil etish, texnik xizmat ko‘rsatish hamda ekspluatatsiya jarayonlari joyida o‘rganildi. Tashriflar davomida metro tizimida xavfsizlikni ta’minlash, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy boshqaruv va muhandislik yechimlarini joriy etish bo‘yicha Xitoy tajribasi ham tahlil qilinmoqda. Mazkur xizmat safari yakunlari metro infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz sharoitlarni yanada yaxshilash hamda “Toshkent metropoliteni” AJ faoliyatini xalqaro ilg‘or tajriba asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.
